O‘zbekiston ilk bor Parijdagi COSMETIC 360 ko‘rgazmasida o‘z stendi bilan ishtirok etmoqda
2025 yil 15–16 oktabrda Parij shahrida O‘zbekiston ilk bor xalqaro kosmetika va innovatsiyalar ko‘rgazmasi COSMETIC 360 da o‘z milliy stendi bilan ishtirok etdi. Tadbir mashhur Luvr majmuasining «Les Salles du Carrousel» ko‘rgazma zalida bo‘lib o‘tdi. Ko‘rgazmani Fransiyaning Cosmetic Valley klasteri tashkil etadi. Joriy yilgi anjuman «Predictions» shiori ostida o‘tkazilib, kosmetika sanoatidagi sun’iy intellekt, biotexnologiya va ekologik innovatsiyalar muhokama qilindi. Ochilish marosimida Yevropa Komissiyasi va Fransiya hukumati vakillari, Cosmetic Valley rahbariyati hamda yirik xalqaro kosmetika kompaniyalari ishtirok etdi. O‘zbekiston Respublikasining Fransiyadagi Favqulodda va Muxtor elchisi Nodir Ganiev O‘zbekiston stendiga tashrif buyurib, mamlakatimizda kosmetika sanoatini rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish haqida so‘z yuritdi. Stendda tabiiy xomashyolarga asoslangan kosmetik vositalar, barqaror qoplamalar uchun yechimlar hamda bakteriofag asosidagi innovatsion mahsulotlar — jumladan MediPHAGE® va AcPhage™ ishlanmalari taqdim etildi. Teri salomatligini qo‘llab-quvvatlovchi biotexnologik yechimlar xalqaro ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. O‘zbekistonning COSMETIC 360 ko‘rgazmasidagi ishtiroki milliy kosmetika sanoatini jahon miqyosida targ‘ib etish, investitsiyalarni jalb qilish va ilmiy hamkorlikni rivojlantirish sari muhim qadam bo‘ldi.







