Kontentga o‘tish
Aziya Immunopreparat
Yangiliklarga qaytish

Hamkorlik memorandumi imzolandi

«AZIYA IMMUNOPREPARAT» MChJ hamda Respublika Ixtisoslashtirilgan Epidemiologiya, Mikrobiologiya, Yuqumli va Parazitar Kasalliklar Ilmiy-amaliy tibbiyot markazi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida Memorandum imzolandi. 1965 yilda tashkil etilgan Respublika Ixtisoslashtirilgan Epidemiologiya, Mikrobiologiya, Yuqumli va Parazitar Kasalliklar Ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mamlakatimizda infeksion va parazitar kasalliklarning oldini olish, diagnostikasi, davolashi hamda epidemiologik monitoringini yuritish bo‘yicha yetakchi ilmiy-amaliy muassasalardan biri hisoblanadi. Markaz 200 dan ortiq koyka o‘rniga ega bo‘lib, har yili 30 mingdan ziyod bemor va murojaatchilarga ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat ko‘rsatadi. Muassasa zamonaviy laboratoriya bazasiga, yuqori malakali mutaxassislarga hamda yangi dori vositalarini klinik tadqiqotlardan o‘tkazish bo‘yicha katta tajribaga ega. «AZIYA IMMUNOPREPARAT» MChJ 2014 yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan mahalliy farmatsevtika korxonasi bo‘lib, immunobiologik preparatlar, xususan bakteriofag dori vositalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Korxona bugungi kunda 50 dan ortiq ko‘rinishdagi immunobiologik preparatlar, jumladan bakteriofag dori vositalarini ishlab chiqarib kelmoqda hamda Markaziy Osiyoda GMP xalqaro standarti asosida bakteriofag preparatlarini ishlab chiqaruvchi yagona korxona hisoblanadi. Mazkur memorandum O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan sog‘liqni saqlash, tibbiyot ilm-fani va mahalliy farmatsevtika sohasini rivojlantirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta'minlashga qaratilgan. Hamkorlik doirasida infeksion kasalliklar va antibiotiklarga rezistentlik holatlari bo‘yicha qo‘shma monitoring va ilmiy tadqiqotlar olib borish, innovatsion immunobiologik preparatlar va bakteriofaglarni klinik aprobatsiyadan o‘tkazish, shuningdek ilmiy-amaliy loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Hamkorlik doirasida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan e'lon qilingan antibiotiklarga chidamli ustuvor xavfli bakteriyalar ro‘yxatiga kiritilgan mikroorganizmlarga qarshi bakteriofag preparatlarini ishlab chiqish, ularning klinik samaradorligini baholash va mazkur yo‘nalishdagi ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish nazarda tutilgan. Mazkur hamkorlik ilm-fan, klinik amaliyot va mahalliy farmatsevtika sanoati o‘rtasidagi integratsiyani mustahkamlash, innovatsion dori vositalarini yaratish, infeksion kasalliklarga qarshi kurashish samaradorligini oshirish hamda aholining salomatligini muhofaza qilishga xizmat qiladi.